O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining 7-noyabrdagi buyrug‘i bilan Alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joy va (yoki) xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat 2017-yil mart boshidan kuchga kiradi.

Buyruq bilan ogohlantiruvchi bergilarni tayyorlash va o‘rnatish ishlari korxona, muassasa yoki tashkilot rahbarlari, ish beruvchilari yoki bino yoxud ob’ektdan foydalanayotgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Tasvir: Lex.uz.

Ogohlantiruvchi belgi ish joylarida, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘larida va boshqa jamoat joylarida, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilmagan savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlarida (to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylar, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlari bundan mustasno) barcha uchun ko‘rinadigan joylarda joylashtirilishi lozim.

Jamoat transportining barcha turlarida (fuqaro havo kemasi bundan mustasno) xuddi shunday taxtachalar matnsiz joylashtiriladi

Tasvir: Lex.uz.

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga ruxsat berilmasligi to‘g‘risidagi belgilar ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida (tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar bundan mustasno) barcha uchun ko‘rinadigan joylarda joylashtirilishi lozim.

Poyezdlar, daryo kemalarida, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), shahar ichida, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarda, shuningdek yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarda hamda shahar elektr transportida belgilar matnsiz shaklda joylashtiriladi.

Tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joy yoki xona haqida alohida ko‘rinishdagi belgi joylashtirish ko‘zda tutilgan (quyidagi tasvir).

Tasvir: Lex.uz.

Alkogol yoki tamaki mahsulotlari iste’molini taqiqlovchi matnga ega belgi bilan bir qatorda, mazkur qoidabuzarlik uchun jarima miqdori va asos (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks moddalariga muvofiq) ko‘rsatib qo‘yiladi.

Nizom talablarini buzgan shaxslar uchun javobgarlik choralari belgilangan.

Jamoat joylarida chekkanlik uchun jarimalar O‘zbekistonda ilk bor bir yildan kamroq vaqt oldin joriy etilgan edi (o‘shanda jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’mol qilganlik uchun jarimalar miqdori oshdi). Qonunchilikda jarimalarning mavjud emasligi esa 2011-yildayoq qabul qilingan jamoat joylarida chekishni taqiqlovchi qonun talablarini buzganlarga nisbatan biror chora ko‘rilmasligiga xizmat qilar edi. Qonun talablari hamon to‘la miqyosda bajarilayotgani yo‘q.