2017-yil 1-apreldan O‘zbekiston mamlakatga 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatga sayyohlik maqsadida kelgan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari uchun viza tartibini bekor qiladi. Bu Prezidentning 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida o‘z aksini topgan.

Qo‘shimcha ravishda Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (sayyohlik guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSH, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatda sayyohlik maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi 55 yoshdan oshgan fuqarolari uchun viza tartibi bekor qilinadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan davlatlar fuqarolari O‘zbekistonga kirishda 50 AQSH dollari miqdoridagi kirish yig‘imini to‘laydi, mazkur mablag‘lar davlat byudjetiga o‘tkaziladi. Kirish yig‘imi to‘langanini tasdiqlovchi hujjat mamlakatga kirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2017-yil 1-yanvardan boshlab barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona sayyohlik vizasini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi lozim. Bunda tranzit, xalqaro aeroportlarda va O‘zbekiston davlat chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida viza olish tartiblari sezilarli soddalashtiriladi. Shuningdek, O‘zbekistonda sayyohlik sohasida faoliyat olib boruvchi chet ellik mutaxassislarga ruxsatnoma olishni ularga jismoniy shaxslar daromad solig‘ini to‘lashda imtiyozlar taqdim etgan holda soddalashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, vizalarni rasmiylashtirish va taqdim etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jumladan, viza olish uchun hujjatlarni topshirish va anketalarni to‘ldirishda O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari va Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasiga tashrif buyurmagan holda onlayn to‘ldirish tizimidan foydalanish, shuningdek, 2018-yildan boshlab elektron viza tizimini tatbiq etish ham belgilangan.

Mutasaddi davlat tashkilotlariga kelgusi yilning apreligacha bo‘lgan muddatda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganchdagi xalqaro aeroportlarda respublikaga kelayotgan va undan ketayotgan chet ellik sayyohlar uchun pasport va bojxona nazorati, yuklarni olish va transport xizmati soddalashtirilgan “yashil koridor” bojxona nazorati tizimini joriy etish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Respublikaning aeroport va vokzallarida chet el fuqarolariga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda jarayonlarni tezlashtirish maqsadida rezident va norezidentlar uchun alohida pasport nazoratidan o‘tish tashkil etiladi.

Tegishli tuzilmalarga qo‘shimcha ravishda yo‘lovchilarga bepul asosda ko‘rsatilayotgan xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, aeroport va temir yo‘l vokzallarida qulay sayyohlik informatsion muhiti, jumladan, sayyohlik-ma'lumot punktlari, sayyohlik navigatsiya tizimlari, mo‘ljal olish belgilari va boshqalarni tashkil etish topshirildi.