Prezidentning 28-noyabrdagi farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishoni ta’sis etildi.

O‘zA 6-dekabrda e’lon qilgan farmonda keltirilishicha, esdalik nishoni O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 25 yilligini nishonlash hamda davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarni, Qurolli Kuchlar faxriylarini va xizmatchilarini qo‘llab-kuvvatlash maqsadida ta’sis etildi.

Esdalik nishoni bilan davlat mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslar, yuqori professional mahorati, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etgan harbiy xizmatchilar, jumladan, O‘zbekiston mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha jangovar harakatlarda ishtirok etgan, zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqarilgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, harbiy hamda xizmat burchini bajarishda halok bo‘lgan yoxud yarador bo‘lgan va shikastlangan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari taqdirlanadilar.

Esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi. Esdalik nishonining old tomoni markazida taralayotgan quyosh nurlari fonida Amir Temur haykali tasvirlangan. Uning orqa tomonida Shahrisabz shahrida joylashgan qadimgi Oqsaroy majmuasi peshtoqi aks ettirilgan. Esdalik nishonining yuzasida tasvirlangan haykalning o‘ng va chap tomonida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilgan yil va yubiley yili 1992 — 2017 raqamlari aks ettirilgan.

Esdalik nishonining aylanasi bo‘ylab “O‘ZBYeKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARIGA” so‘zlari, pastki qismi markazida esa ikkita sakkiz qirrali yulduz oralig‘ida “25 YIL” yozuvi aks etgan. Esdalik nishonining orqa tomonida O‘zbekistonning Davlat gerbi, pastki qismining markazida “2017” yozuvi tasvirlangan.

Esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining rangidagi yo‘llari bo‘lgan 24 millimetrli shoyi lenta bilan sirilgan besh qirrali qadag‘ichga ilmoqcha yordamida ulanadi. Ko‘k, oq va yashil yo‘llarning eni 7 millimetrdan, qizil yo‘lning eni esa 1,5 millimetrdir. Qadag‘ichning balandligi 48, eni 45 millimetr. To‘g‘nag‘ichga mustahkamlangan.