2−4 dekabr kunlari Minskda (Belarus) an’anaviy «MDH Ochiq Kubogi — taekvondo ITF bo‘yicha jahon Kubogi» xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Milliy taekvondo ITF asotsiatsiyasi «Gazeta.uz"ga.

Musobaqalarda dunyoning 19 mamlakatidan — Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Shimoliy Koreya, Latviya, Moldova, Rossiya, Slovakiya, Tojikiston, Turkmanistan, Ukraina, Uels hamda O‘zbekistonning 47 vakilini o‘z ichiga olgan 1,2 mingdan ziyod sportchilar ishtirok etdi.

Turnir yakunlariga ko‘ra, milliy terma jamoa 34 medal — 17 oltin, 1 kumush, 16 bronza bilan umumiy hisobda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tul (texnik komplekslar) yo‘nalishida Javlonbek Asqarov (3 dan), Zarguna Ahrorqulova, Aleksandr Chetverekov, Farangiz Aliyeva (1 dan), Oleg Shegay (1 dan) va Vladimir Li (1 gip) oliy o‘rinni egalladi. Dmitriy Pak (1 dan), Zuhra Ergasheva (2 dan), Qudrat Mirzaboyev (3 dan), Oygul Bolat, Yevgeniy Kim va Denis Kim bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Masogi (sparring) dasturida Jasurbek Salimov (45 kg), Malika Choriyeva (58 kg), Ruxsonabonu Saidova (29 kg), Behruz Saidov (85 kg), Zarguna Ahrorqulova (29 kg), Aleksandr Chetverekov (40 kg), Mahfuza Jumaboyeva (40 kg), Kamronbek Tohirov (40 kg) birinchi o‘rinni egalladi. Musobaqa «kumush"i Sabina Mahmanazarova (35 kg) tomonidan qo‘lga kiritildi. Baxtiyor Israilov (78 kg), Abduazim Israilov (85 kg), Kamronbek Yoqubova (57 kg), Muhammadjon Umarov (51 kg), Guljon Baxromova (46 kg), Nafisa Usmonova (23 kg), Shoxruh Sattorov (71 kg), Day Lun (40 kg), Igor Kim (57 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston termasi erkaklar o‘rtasida jamoaviy sparring yo‘nalishida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi, yoshlar esa mazkur toifada uchinchi o‘rinni egalladi.

Video