2017-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarining (pivadan tashqari) korxona belgilagan-ulgurji va chakana eng past narxlari oshadi.

Yangi narxlar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining birgalikdagi qarorida tasdiqlangan, deya xabar bermoqda Norma.uz.

Ishlab chiqaruvchilar uchun vinoning korxona belgilagan-ulgurji narxining eng past ko‘rsatkichi bir litri uchun 4500 dan 5400 so‘mgacha (16,6%), eng arzon chakana qiymati 5400 dan 6500 so‘mgacha (16,9%) oshirildi.

Aroq va boshqa alkogol mahsulotlarining korxona belgilagan-ulgurji narxining eng past miqdori avvalgi 10550 so‘m o‘rniga 12900 so‘m (18,6%), chakana narx esa — 12600 o‘rniga 15500 so‘m (18,7%) etib belgilandi.

Konyakning eng past korxona belgilagan-ulgurji narxi 13900 o‘rniga 17200 (19,2%), chakana narxlar esa 16700 o‘rniga 20600 so‘mga (+18,9%) ko‘tarildi.

Alkogol mahsulotlarining eng arzon narxlari alkogol mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va sotishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida o‘rnatilmoqda. Alkogol mahsulotlarini bundan arzon bahoga sotish taqiqlanadi.

Ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va chakana savdo korxonalarining alkogol mahsulotlarini belgilangan narxlardan arzonga sotishi jarima jazosiga, aybdor shaxslar esa javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.