Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida 3,46 foiz yoki 619 ming 972 ovoz to‘plagan O‘zbekiston «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Nariman Umarov partiya saylov yakunlarini tan olishi va xalq tanlovini hurmat qilishini ma’lum qildi.

«Natija biz kutganimizdek bo‘lmadi, ammo biz xafa emasmiz», — dedi u jurnalistlarga dushanba kuni Markaziy saylov komissiyasi e’lonidan so‘ng bo‘lib o‘tgan brifingda.

Nariman Umarov saylovning ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga to‘laqonli mos tarzda o‘tganini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, saylov «Adolat» partiyasi uchun saylovchilar o‘rtasida o‘z o‘rnini mustahkamlash va kengaytirish imkonini taqdim etdi.

Nariman Umarov Shavkat Mirziyoyevni partiyaning barcha a’zolari nomidan g‘alaba bilan tabriklab, unga ulkan muvaffaqiyatlar va mustahkam sog‘liq tiladi.

U yangi saylangan Prezident mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimov boshlab bergan islohotlarni amalga oshirishda davom etishiga ishonch bildirdi.