Qozog‘iston Respublikasining turli sohalarda faoliyat olib borayotgan vakillaridan iborat delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deya xabar qildi O‘zA.

Toshkent viloyatining «G‘ishtko‘prik» bojxona postida delegatsiya a’zolarini O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov va boshqalar kutib oldi.

Delegatsiya a’zolari dastlab poytaxtdagi Hazrati Imom jome’ masjidi bilan tanishdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari mehmonlarga majmuaning tarixi, bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli tiklash, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, majmuada joylashgan tarixiy obidalar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng mehmonlar Toshkent islom universitetida bo‘lib, OTM ish faoliyati bilan tanishdi va shu atrofda joylashgan Yunusxon majmuasi, Qaldirg‘och biy hamda Shayxontohur maqbaralari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

O‘zbekistonga tashrif Prezident saylovi kuniga to‘g‘ri kelgani uchun Qozog‘iston delegatsiyasi Toshkentdagi 307-, 514-, 687-saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Delegatsiya a’zolari XIV asrning 80-yillarida Amir Temur tashabbusi bilan bunyod etilgan, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilishi yakuniga yetkazilgan Zangiota majmuasini ziyorat qildi. Mehmonlar Zangiota tumanidagi «Obod turmush» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, hududda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, jumladan, qishloq ahli uchun namunaviy loyihalar asosida qad rostlagan zamonaviy uy-joylar bilan tanishdi.

Tashrif doirasida Yoshlar ijod saroyida millatlararo do‘stlikni targ‘ib etuvchi rasmlar ko‘rgazmasi va konsert dasturi tashkil etildi.