Qirg‘iziston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga saylangani bilan tabrikladi, deya xabar qildi Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati.

Dushanba kuni yo‘llangan tabrik telegrammasida Almazbek Atambayev Shavkat Mirziyoyevning saylovda ishonchli g‘alabaga erishgani O‘zbekiston xalqining keng qo‘llab-quvvatlashi va ishonchidan dalolat berishini qayd etib o‘tdi.

«Aniq ishonamanki, O‘zbekiston Respublikasi Sizning rahbarligingizda barqaror tarzda bosqichma-bosqich rivojlanishda davom etadi», — ta’kidlanadi telegrammada.

Almazbek Atambayev Shavkat Mirziyoyev saylanishi bilan o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari yangi o‘zanga ega bo‘lib, mamlakatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaga asoslangan o‘zaro hamkorlik ruhida davom etishiga ishonch bildirdi.

Almazbek Atambayev yangi saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik va davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.