O‘zbekiston Prezidenti saylovida Toshkent vaqti bilan 20:00 ga qadar 17 million 941 ming 955 nafar fuqaro ovoz berishdaishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,83 foizini tashkil etadi, deya xabar qildi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy brifingda.

“Fuqarolar saylovda yuksak siyosiy va fuqarolik faolligini namoyish etdi”, — dedi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish jarayoni qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro demokratik normalar va prinsiplarga rioya qilingan holda ochiq va oshkora o‘tkazildi. Joylardan saylov mobaynida saylov qonunchiligi buzilganligi haqida axborotlar kelib tushmadi.

5-dekabr kunning ikkinchi yarmida saylovning dastlabki natijalari e’lon qilinadi. Prezident saylovi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, saylovning yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 10 kundan kechikmagan muddat ichida matbuotda e’lon qilinishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasining chiqishi O‘zbekiston televideniyesi va MSK saytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.