4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi bo‘yicha barcha 9383 saylov uchastkasi ovoz berish jarayoniga tayyor, deya xabar qildi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov juma kuni tashkillashtirilgan brifingda. Respublikadan tashqarida 44 uchastka faoliyat ko‘rsatadi.

24-noyabrdan 2-dekabrgacha muddatidan oldin ovoz berish bo‘lib o‘tib, unda 117902 fuqaro ishtirok etdi. 3 dekabr kuni O‘zbekistonda “jimlik kuni” deb e’lon qilinib, ushbu sanada prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘xtatiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi saylovi mamlakat hayotida o‘ta muhim hodisa hisoblanadi. Kelajagimiz xalqimizning qaroriga bog‘liq”, — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi.


Yakshanba kuni 21 milliondan ziyod o‘zbekistonliklar to‘rt nomzod: Sarvar Otamuratov (“Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi), Shavkat Mirziyoyev (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasi), Xatamjon Ketmonov (Xalq demokratik partiyasi) va Nariman Umarov (“Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi) uchun ovoz beradi.

Saylov kampaniyasi boshlangandan buyon 98 mingdan ziyod kishi saylov organlari faoliyatida ishtirok etdi. Ularning 56 ming nafari yoki 56,8 foizi — ayollar. Har to‘rt saylov uchastkasi raisi ham ayollardir.

Barcha saylov uchastkalari saylovni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan aloqa, vositalari, texnika va adabiyotlar bilan ta’minlandi. Ular yashirin ovoz berish kabinalari bilan jihozlanib, saylov qutilari o‘rnatildi. Imkoniyati cheklangan shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida qariyb barcha saylov uchastkasi panduslar va yanada kengroq ovoz berish kabinalari bilan ta’minlandi.

Markaziy saylov komissiyasi raisining qayd etishicha, saylovoldi kampaniyasi uchun 1 milliondan ziyod plakatlar va boshqa bosma mahsulotlar tayyorlandi, turli tillarda 22 nomdagi adabiyotlar nashr etildi.

Barcha nomzodlarga ommaviy axborot vositalarida bepul tashviqot o‘tkazish uchun teng imkoniyatlar yaratildi. 17 tilda ma’lumotlar e’lon qilindi. Nomzodlarga televizion ekranlarda tashviqot o‘tkazish uchun umumiy 638 daqiqalik efir taqdim etildi.

Nomzodlarning o‘zlari va ularning ishonchli vakillari mamlakatning barcha hududlarida elektorat bilan 1000 ga yaqin uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Saylovning imkon qadar shaffof o‘tishi uchun mamlakatda 50 dan ziyod mamlakatdan 500 nafardan ziyod vakillar taklif etildi. 37,5 ming O‘zbekiston fuqarolari — siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlarining vakillari ham kuzatuvchi sifatida faoliyat olib boradi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi singari xalqaro tashkilotlar missiyalari ham saylovni kuzatishda faol ishtirok etmoqda.

Saylovni yoritish uchun 1400 nafarga yaqin OAV vakillari ro‘yxatdan o‘tdi. Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovning so‘zlariga ko‘ra, bu holat O‘zbekistondagi saylov jarayoniga katta qiziqish mavjudligidan dalolat beradi.