O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish uchun “Saylov-2016” press-klubi chorshanba kuni o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur media-maydoncha milliy va xorijiy jurnalistlarga 4-dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritishga yordamlashish uchun tashkil etildi.

Klub ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov saylovni yoritishda nodavlat, ayniqsa elektron OAV roli oshganini ta’kidlab o‘tdi.

“Press-klubning ochilishi, bu — mamlakatimizning siyosiy takomillashuvi, O‘zbekiston jurnalistlari darajasi hamda saylovni yoritishning xalqaro standartlarini hayotga tatbiq etishga tayyorligimiz ko‘rsatkichidir”, — deya ta’kidladi Akmal Saidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nodavlat OAVning a’lo darajada tayyorgarligini va saylovni barcha jihatlarda yoritishga shay ekanini ko‘rsatmoqda.

“O‘zbekistonda ilk bor navbatdan tashqari saylov o‘tkazilmoqda. Unda nodavlat OAV ham faol ishtirok etmoqda. Ayni paytda ular ulushi ro‘yxatdan o‘tgan barcha OAVning 70 foizini tashkil etib, ular soni 1500 tadan iborat. Nodavlat OAVning 99 foizi internet nashrlaridir”, — deya qayd etdi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori.

Press-klub jurnalistlar, xalqaro kuzatuvchilar, parlamentariylar, siyosiy partiyalar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini birlashtirgan. Klubda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazi bilan onlayn-aloqa o‘rnatilgan. Jurnalistlar uchun yuqori tezlikka ulangan 80 dona kompyuter tayyorlangan.

Foto