O‘zbekiston Adliya vazirligi Latviyaning hukumatga qarashli bo‘lmagan Cleantech Latvia tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazdi, deya xabar bermoqda mahkama matbuot xizmati.

Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining O‘zbekistondagi filiali tabiatni muhofaza qilish sohasida infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Cleantech Latvia atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalq va qishloq xo‘jaligi jabhalariga “yashil” texnologiyalarni joriy etishni ham reja qilgan.

Yana bir faoliyat yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida akademik va professional almashinuv bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarni o‘tkazish, ekologik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ekspertizasi va tayyorgarligini olib borishdan iborat.

Hozirda Cleantech Latvia Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda suv resurslarini boshqarish, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani keng joriy etish bo‘yicha loyihalarda ish olib bormoqda.

Hukumatga qarashli bo‘lmagan Cleantech Latvia tashkilotiga 2006-yilda asos solingan bo‘lib, ekologik toza texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida faoliyat ko‘rsatadi.