28-noyabr kechasi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan 41724 fuqaro foydalandi, deya xabar qildi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Muddatidan oldin ovoz berish 24-noyabr kuni boshlangan bo‘lib, 2-dekabrga qadar davom etadi. Unda saylov bo‘lib o‘tadigan 4 dekabr kuni o‘z yashash joyida bo‘la olmaydigan fuqarolar ishtirok etishi mumkin.

Muddatidan oldin ovoz berganlarning eng katta qismi Buxoro viloyatidan bo‘lib, 4858 kishi ushbu huquqdan foydalangan. Ikkinchi o‘rinda — Andijon viloyati — 4141, uchinchida — Toshkent shahri — 3859, to‘rtinchi o‘rinda — Toshkent viloyati — 3726, beshinchida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 3529 kishi. Keyingi navbatlar quyidagicha ko‘rinish olgan: Qashqadaryo- 3459, Farg‘ona viloyati — 3339, Xorazm — 2746, Navoiy — 2521, Namangan — 2393, Samarqand — 2315, Sirdaryo — 2089, Surxondaryo — 1995 va Jizzax — 754 nafar fuqaro.