O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov respublika hududlari bo‘ylab olib borgan saylovoldi tashviqoti doirasidagi oxirgi uchrashuvini 28-noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan o‘tkazdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi. Toshkent viloyati hokimiyati majlislar zalida onlayn videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan tadbirda jami 4500 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi.

Narimon Umarov o‘z so‘zida mamlakatda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlarining qariyb 15 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 12 foizdan ziyodi, iqtisodiyotga jalb etilayotgan investitsiyalarning taxminan 10 foizi, YAIMning esa 9,7 foizi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.

Nomzod Toshkent viloyati mineral-xomashyo manbalariga boyligi, qulay transport-logistika tizimiga va infrastrukturaga egaligi, mehnat resurslarining ko‘pligi hamda ishbilarmonlik muhiti yaratilgani bilan xorijiy investorlar uchun jozibador hudud sanalishiga qaramay, bugungi kunda o‘zlashtirilayotgan xorijiy sarmoyalar hajmi viloyatning iqtisodiy salohiyati uchun yetarli emasligini ta’kidladi.

Prezidentlikka nomzod investitsiya takliflarini chuqur o‘rganish va investorlarning ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yangi texnika va yuksak texnologiyalarni kiritish, raqobatdosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini qat’iy nazorat ostiga olish asnosida korxona va muassasalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish siyosatini davom ettirishga diqqatini qaratdi.