Toshkent davlat stomatologiya institutining Andijon, Buxoro, Samarqand va Nukusdagi filiallari tugatiladi. Ular o‘rniga Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlari, shuningdek, Toshkent pediatriya institutining Nukus filialida stomatologiya fakultetlari ochiladi. Ushbu o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchining 21-noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror stomatologiya sohasida yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, bo‘lajak stomatolog-mutaxassislarni nazariy tayyorlash sifatini oshirish hamda ular tomonidan amaliy ko‘nikmalarning egallanishi maqsadida qabul qilindi.

To‘rtta filialda tahsil olayotgan talabalar ta’lim shakli (davlat granti yoki to‘lov-kontrankt asosida o‘qish) saqlangan holda yangi fakultetlarga o‘tkaziladi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti 2014-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi stomatologiya fakulteti bazasida tashkil etilgan.