24−26-noyabr kunlari Bokuda (Ozarbayjon) Oltin Gran-pri — Ozarbayjonning sobiq Prezidenti Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlangan erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha an’anaviy xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi xabar qildi.

Musobaqada dunyoning 50 mamlakatidan 700 nafardan ziyod kurashchilar, xususan, Olimpiada sovrindorlari, jahon va qit’a chempionatlari g‘olib va sovrindorlari ishtirok etdi. O‘zbekiston nomidan qatnashgan 7 vakildan faqatgina Firuz To‘xtayev 59 kg gacha vazn toifasida yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqaning kumush medalini qo‘lga kirita oldi.

“Kumush"gacha yo‘lda To‘xtayev hindistonlik Gaurav Sharma (8:0), ozarbayjonlik Karim Jafarov (6:3), Rossiya vakili Mingiyan Semyonov (10:8) qarshiligini yengdi, biroq finalda yaponiyalik Kenichiro Fumitedan mag‘lubiyatga uchradi (0:5).