Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzurida Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabi nomi Gimnastika bo‘yicha BO‘IROZSMga o‘zgartirildi. Mazkur o‘zgarish Prezident vazifasini bajaruvchining 7-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida sportning gimnastika turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Hujjatda O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi huzuridagi Sportning gimnastika turlari bo‘yicha respublika trenerlar va hakamlar maktabi ustavi ham tasdiqlandi.

Qarorda qayd etilishicha, o‘zgarishlar gimnastikachi sportchilar, trenerlar va hakamlarning mahorat darajasi hamda malakasini doimiy ravishda oshirib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, respublika aholisi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar va qizlar o‘rtasida sportning gimnastika turlarini faol targ‘ib qilish va ommalashtirish maqsadlariga yo‘naltirilgan.

Har yili 12 nafar iqtidorli bolani qabul qiladigan BO‘IROZSMda tahsil olish muddati besh yilni tashkil etadi. Tahsil oluvchilarning umumiy soni — 60 kishi.

Respublika maktabida trenerlar va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlar va malakasini oshirish, shuningdek, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Gimnastika federatsiyasi, sport maktablari va professional sport klublari arizalariga binoan, mutaxassislarni o‘qitish ishlari amalga oshiriladi.