17−26-noyabr kunlari Sankt-Peterburgda (Rossiya) yoshlar o‘rtasida boks bo‘yicha V jahon chempionati (AIBA Youth World Boxing Championships) bo‘lib o‘tdi. Musobaqa doirasida 63 mamlakatdan 351 nafar sportchi ishtirok etdi, deya xabar qilindi Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi saytida.

O‘zbekiston terma jamoasi turnirda 10 nafar bokschi bilan ishtirok etib, bir kumush, uch bronza medalini qo‘lga kiritib, milliy termalar umumiy ro‘yxatida (0−1−3) 11-o‘rinni band etdi. Kuchli uchlikdan esa Kuba (2−2−0), AQSH (2−0−2) va Qozog‘iston (1−2−1) joy oldi. Medallar soni bo‘yicha O‘zbekiston sanab o‘tilgan davlatlar qatorida musobaqaning eng yaxshi terma jamoasiga aylandi.

O‘smirlar o‘rtasida 2015-yilgi jahon chempionati bronza medali sohibi Shunqor Abdurasulov 56 kg gacha vazn toifasida yarim final bahsida amerikalik Mark Kastroga qarshi jang olib bordi. 18 yoshli o‘zbekistonlik bokschi yaxshi jang o‘tkazganiga qaramasdan, shu kuni raqibi undan kuchlilik qildi — 0:4.

O‘smirlar o‘rtasida Osiyo vitse-chempioni Otabek Xolmatov 52 kg gacha vazn toifasida ringga ko‘tarilib, yarim finalga qadar yetib keldi va Yaponiya vakili Xayato Sutsumi bilan uchrashdi. Jangda g‘oliblikka juda yaqin qolganida yapon bokschisi g‘alaba qozondi — 3:2.

O‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati kumush medali sovrindori Shoxruz Rahimov (91 kg gacha) rossiyalik Vladimir Uzunyanga qarshi jangga kirishdi. Mezbonlar vakili uzun qo‘llaridan foydalangan holda yaqin masofadagi jangdan qochib, yakunda g‘alabaga erishdi — 0:5.

O‘smirlar o‘rtasida amaldagi jahon va Osiyo chempioni Bilolbek Mirzarahimov (60 kg gacha) yarim finalda turkiyalik Nejat Ekinjini mag‘lubiyatga uchratib, “oltin” uchun amerikalik Jonson Delante bilan uchrashdi. Mirzarahimov tajovuzkor, tezkor jang ko‘rsatib, ko‘proq zarba bergan bo‘lsa ham, kutilmaganda g‘oliblik Delante hisobiga yozildi — 4:1.

Video