O‘zbekistonda nazorat qiluvchi organlar faoliyatiga aniqlangan qoidabuzarliklar, qabul qilingan huquqiy ta’sir choralari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning davlat daromadiga aylangan mol-mulklari miqdori bo‘yicha baho berishni belgilash rejalashtirilmoqda. “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish kiritishni ko‘zda tutgan qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun joylashtirildi.

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tekshirish bo‘yicha nazorat qiluvchi organlar ishi samaradorligini bir qator mezonlar bo‘yicha aniqlash taklif etilmoqda:

  • xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning qonunchilik aktlari va normativ hujjatlarga amal qilish samaradorligining oshishi, ular tomonidan huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tekshirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyatlarini taqdim qilishga qaratilgan ishlarning amalga oshirilishi;
  • tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tugatilishiga qadar olib boruvchi holatlarning bartaraf etilishi.

Qonun “xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlar” tushunchasi bilan to‘ldirilib, unda nazorat qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning qonunchilik aktlari va boshqa normativ hujjatlarga rioya qilishi, qoidabuzarliklarni bartaraf etish va ularga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ularga olib boruvchi sabablar va shartlarni aniqlash hamda bartaraf etish yuzasidan amalga oshiriluvchi kompleks chora-tadbirlar anglashiladi.

Bundan tashqari, olib boriladigan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan beixtiyor yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarining tizimli sabablarini aniqlashga qaratilgan tekshiruvdan keyingi tahlillarni o‘tkazish taklif etilmoqda.

Yuqorida ko‘rsatilgan qonun va boshqa bir qator qonun aktlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar Prezident vazifasini bajaruvchining 5-oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni talablari muvofiq tarzda kiritilmoqda.