O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ikkinchi o‘qishda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunni qabul qildi, deya xabar qildi palata axborot xizmati. Endilikda qonun Senat tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Qabul qilingan qonun birinchi navbatda fuqarolar jumladan, tadbirkorlarning davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga ishonchini mustahkamlash, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan.

Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshiradi.

Yakuniy maqsad — jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berish, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murasasizlik muhitini yaratishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi oktyabr oyi o‘rtasida parlamentga Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat rahbarining qonunchilik tashabbusi sifatida kiritilgan edi.