Bosh vazirning Virtual qabulxonasi orqali fuqarolarning ko‘p sonli iltimoslari munosabati bilan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (YAIDXP) davlat va xo‘jalik, mahalliy davlat boshqaruvi organlariga murojaat yuborishda elektron raqamli imzoning (ERI) mavjud bo‘lishi shartligini bekor qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Endilikda O‘zbekiston fuqarolari Yagona portal orqali istalgan davlat idorasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Mazkur qulaylik murojaatlarni uzatish va ko‘rib chiqish tartibining soddalashishiga ham xizmat qiladi.

Yagona portal vositasida fuqarolar elektron raqamli imzoga ega bo‘lmasdan turib ham davlat tashkilotlari rahbarlarining qabuliga onlayn yozilishlari mumkin.

Vazirlik fuqarolar bosh vazir virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) va YAIXDPdan tashqari, vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlari qoshida faoliyati tashkil etilayotgan davlat organlari rahbarlarining shaxsiy virtual qabulxonalaridan ham foydalanishlari mumkinligini esga oldi.

“Davlat rahbariyati, vazirlik, idoralar rahbarlariga bevosita murojaat qilishning vositalarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlar O‘zbekistonning barcha fuqarolari uchun hukumatning yanada ochiq va qulay bo‘lishiga zamin yaratadi”, — qayd etiladi xabarda.