Bugungi kunga qadar V Osiyo O‘yinlari-2017 ni o‘tkazishga Turkmaniston poytaxtidagi qurilishi rejalashtirilgan sport infratuzilmasining 80−85 foizi tayyor. Qolgan inshootlar kelgusi yilning birinchi yarmida foydalanishga topshiriladi. Bu haqda payshanba kuni Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.

Yopiq inshootlardagi Osiyo O‘yinlari Ashxobodda 2017-yil 17-sentyabrda boshlanadi. Ularda Osiyoning 45 davlati hamda Avstraliya va Okeaniyadan 17 mamlakat vakillari sportning 21 turi bo‘yicha bahs olib boradi. O‘zbekiston jamoasi birinchilardan bo‘lib O‘yinlarda ishtirok etish to‘g‘risida ariza berdi.

Turkmaniston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib bunday miqyosdagi sport forumini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Osiyo O‘yinlariga turli mamlakatlardan 200 mingdan ziyod ishqibozlarning tashrif buyurishi taxmin qilinmoqda.

30 sport ob’ektini o‘z ichiga olgan ko‘p funksionalli sport majmuasi — Olimpiya shaharchasi qurilishi 2010-yilning 5-noyabr kuni boshlangan edi. Majmuaning umumiy maydoni 157 ga ni tashkil etadi.

Turkmaniston hukumati Osiyo O‘yinlari yakunlanganidan so‘ng qurilgan sport arenalari va mehmonxona majmualaridan mamlakatda sportni rivojlantirish maqsadida foydalanishni rejalashtirgan.