25-noyabr kuni “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi binosida “O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida"gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar termir yo‘l transporti va u bilan bog‘liq xizmatlar sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda mazkur jabhani xalqaro shartnomalar talablari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

O‘zgartishlar temir yo‘l transporti sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, temir yo‘l transporti hamda u bilan bog‘liq ishlar va xizmatlar sohasining investitsion jozibadorligini oshirish, mazkur jabhada raqobatni rivojlantirishga xizmat qilishi lozim.

Loyiha amaldagi qonunda mavjud bo‘lgan kamchilik va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, temir yo‘l sohasidagi alohida munosabatlarni qonuniy tartibga solishni ko‘zda tutadi. Unda “tashuvchi”, “umumiy va noumumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti”, “noumumiy foydalanishdagi temir yo‘llar”, “temir yo‘l transporti infratuzilmasi” kabi tushunchalarga izoh berilib, temir yo‘l transportida xavfsiz harakatlanishga bo‘lgan asosiy talablar ko‘rib chiqilgan.

Qonun loyihasi va unga tushuntirish xati hamda boshqa hujjatlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” saytiga joylashtirilgan.