O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchining 17-noyabrdagi qarori bilan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, sotish va ularga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiyalashgan xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tashkil etiladi. Bu haqda Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi xabar qildi.

Xolding tarkibiga bir qator kompaniyalar, jumladan, dastlabki ustav kapitali davlat ulushi hisobiga shakllantiriladigan qishloq xo‘jaligi faoliyatini ishlab chiqarishni tashkil etishga ixtisoslashgan “O‘zagrotexmash” AJ (hozirgi — “O‘zagrosanoatmashxolding”), qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berishga ixtisoslashgan “O‘zagrolizing” (hozirgi — “O‘zqishlohxo‘jalikmashlizing”) AJ, qishloq xo‘jalik texnikalariga servis xizmatini ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga mexanizatsiyalashgan xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan “O‘zagroservis” AJ (“O‘zagromashservis” assotsiatsiyasi bazasida tashkil etiladi) kiritiladi.

“O‘zagrotexsanoatxolding” tuzilmasida qishloq xo‘jalik texnikalari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “O‘zagroservis” qoshida esa Qishloq xo‘jalik texnikalariga servis xizmatini ko‘rsatishni tashkil etishni rivojlantirish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Qo‘shimcha ravishda “Agrobank” AKB ustav kapitalini bosqichma-bosqich 250 mlrd so‘mga ko‘paytirish (2017−2019-yillarda). Bu jarayon aksionerlar va qo‘shimcha investorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Kelgusida resurslar qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

“O‘zagrotexsanoatxolding”, “O‘zagrotexmash” va “O‘zagroservis” strategik xom ashyo ishlab chiqarish va dastlabki qayta ishlash, tabiiy monopoliyalar hamda nazorat qilinuvchi narxlardagi ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulotlar va xizmatlar va yetkazib berish sub’ektlari sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi AJlar ro‘yxatiga kiritildi. Shunday qilib, ulardan ustav kapitalining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda xorijiy investitsiyani jalb qilish talab etilmaydi.