Sankt-Peterburgda (Rossiya) 17−26-noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi belgilangan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi V jahon chempionatining (AIBA Youth World Boxing Championships) yettinchi kuni o‘z yakuniga yetdi. Dunyoning 63 davlatidan 350 nafardan ziyod sportchilar turnirga tashrif buyurgan bo‘lsa, faqatgina 40 bokschi, jumladan to‘rt nafar O‘zbekiston vakili yarim final bosqichiga yetib keldi.

56 kg gacha vazn toifasida 18 yoshli Shunqor Abdurasulov chorak finalda u Xitoy vakitli Szen Szyan Minga qarshi ringga chiqdi. Final raundidan raqibidan yaqqol ustun kelgan Abdurasulov hakamlar qarori bilan 3:2 hisobida g‘olib chiqdi. Yarim finalda u amerikalik Mark Kastro bilan bellashadi.

O‘smirlar o‘rtasida amaldagi Osiyo chempioni Bilolbek Mirzarahimov (60 kg gacha) yarim finalga chiqish uchun Rossiya bokschisi Beslan Xamzayev bilan kuch sinashdi. Kunning eng yaxshi boksini namoyish etgan Mirzarahimov 5:0 hisobida yaqqol g‘olib bo‘ldi. Final uchun kechadigan bahsda Bilolbek turkiyalik Nejat Ekinji bilan jang olib boradi.

O‘smirlar o‘rtasida Osiyo vitse-chempioni Otabek Xolmatov (52 kg gacha) Dominikan vakili Luis Reynaldni uch raund yakuniga ko‘ra 4:1 hisobiga mag‘lubiyatga uchratdi. Yarim finladagi uning raqibi yaponiyalik Xayato Sutsumi bo‘ladi.

O‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati kumush medali sohibi Shohruz Rahimov (91 kg gacha) angliyalik Lyuis Vilyams bilan uchrashib, 4:1 hisobida ustun keldi. Uning navbatdagi jangi rossiyalik Vladimir Uzunyanga qarshi kechadi.

Osiyo chempionati bronza medali sohibi Shoxruhbek Rustamov (75 kg gacha) germaniyalik Vezir Agirman bilan yaxshi jang olib bordi. Biroq 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.