21-noyabr kuni Toshkentda O‘zbek-yapon markazi (UJC) tashabbusi bilan beshinchi Ochiq biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish hamda ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

Forumda O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq tashkil etilib, joriy yilda 15 yilligini nishonlayotgan UJC faoliyatining asosiy faoliyat yakunlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish uchun kadrlarni tayyorlash, o‘zaro hamjihatlikni chuqurlashtirish hamda Yaponiya, uning madaniyati va tili haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston xalqiga yetkazish yo‘li bilan davlatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish mazkur jamoat tashkilotining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.

O‘tgan yillar davomida UJC ko‘magida tashkil etilgan turli kurslarda 8000 nafardan ziyod O‘zbekiston tadbirkorlari biznesni yuritishning zamonaviy usullari, kompyuter savodxonligi, til va madaniy dasturlar bo‘yicha tahsil oldi. Xususan, professional menejment dasturida (PMP) 1400 nafardan ziyod tadbirkor ishtirok etdi.

Biznes-forumda yuz nafardan ziyod PMP bitiruvchilari ishtirok etdi. Ularning o‘z bilim va tajribilarini almashishlari uchun bir qator hamjamiyatlar, jumladan, aclub #newenergy bitiruvchilar klubi tashkil etildi.

Forumda TIAISV, Savdo-sanoat palatasi vakillari, PMP bitiruvchilari, muvaffaqiyatli biznes yurituvchilari ma’ruzalar bilan chiqish qildi. “O‘zbekiston moda va dizayn sanoati” ma’ruzasi jarayonida internet orqali xarid qilish mumkin bo‘lgan ustki liboslar shou-namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining (JETRO) O‘zbekistondagi bosh direktori Manabu Shimoyashiro o‘zbek tadbirkorlari yapon hamkorlari bilan muvaffaqyatli ish yuritishda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan asosiy muammolar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat institutlari yordami bilan amalga oshirilayotgan loyihalarni inobatga olmasa, ikki mamlakat tadbirkorlik sub’ektlari munosabatlari qoniqarsiz darajada ekanini ta’kidlar ekan, Shimoyashiro muvaffaqiyatli rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator pozitsiyalarni sanab o‘tdi. Jumladan, yapon tadbirkori tomonidan Sobiq Ittifoq mamlakatlari kompaniyalariga ishonchsizlik bilan qaralishi, mahallik tadbirkorlarda yangi loyihalar taqdimotini o‘tkazish tajribasining yetishmasligi kabilarni sanab o‘tdi.