Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deya xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dasturning pirovard maqsadi — mamlakatda rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, odamlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, hayot sifatini yanada yuksaltirishdir.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan uning samaradorligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, mahalliy byudjetlarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy va maishiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.

Dasturda Islom Karimov belgilab bergan prinsiplarga amal qilgan holda tinchlikparvar siyosat yuritish, hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi qayd etilgan.

Uchrashuvda Toshkent viloyatining ushbu ulkan salohiyatidan to‘la foydalanish, uni yanada rivojlantirish haqida ham so‘z yuritildi.