Toshkent viloyatida fermerlarga agrotexnik tadbirlarni ob-havo sharoitlariga moslashtirishga yordam beradigan quyosh batareyalari asosida ishlovchi to‘rtta meteostansiya o‘rnatiladi.

Mazkur tashabbus Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning hamkorlikdagi “O‘zbekston biznes-forumi (faza III)” loyihasi doirasida Janubiy Afrikaning Sasol kompaniyasi moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda.

600 ga yoki 60 bog‘dorchilik va uy xo‘jaligi hududini qamrab oluvchi meteostansiyalar axborot texnologiyalari, dehqonchilik jarayonini avtomatlashtirish, xo‘jalikni boshqarish va rejalashtirishni optimallashtirish orqali qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish maqsadida o‘rnatilmoqda.

Meteostansiyalar internetdagi maxsus sayt orqali muntazam ravishda ma’lumotlarni jo‘natib turadi. U yerda esa fermerlar o‘z mobil telefonlariga meteorolik ma’lumotlar hamda olma, shaftoli, gilos va uzum kabi mevalar uchun qo‘llanilishi kerak bo‘lgan agrotexnik tadbirlar qayd etilgan SMS xabarlarni qabul qilib olishlari mumkin.

Meteorologik ma’lumotlarni yig‘ish va monitoring qilish ishlari muayyan joy uchun mikroiqlim sharoitlarini aniqlab olish, natijada agrotexnologiyalarni to‘g‘ri va samarali tanlash imkoniyatini taqdim etadi. Bu esa o‘simliklarni himoya qilish va mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq chiqimlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekston biznes-forumi (faza III)” loyihasidan xabar qilinishicha, meteostansiyalarning o‘rnatilishi — “smart farm” (“aqlli ferma”) konsepsiyasini joriy etish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lib, bunda xo‘jalik, jumladan, chorvachilikni avtomatlashtirilgan holda olib borishni ko‘zda tutadi.

“Aqlli” dehqonchilik axborot texnologiyalar yordamida ob-havo sharoitlarini modellashtirish, xavflarni bashoratlar asosida tahlil qilish va boshqarishni o‘z ichiga oladi. Ob-havo sharoitlari monitoringi natijalari agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, jumladan, noqulay ob-havo sharoitida tezkor choralarni ko‘rish, imkon qadar barvaqt urug‘ qadar va kasalliklar profilaktikasini olib borishda ham qo‘l keladi.