“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi ijtimoiy so‘rovning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Tadqiqotning birinchi bosqichida fuqarolarning elektoral kayfiyatidagi o‘zgarishlar, ularning saylov kampaniyasidan xabardorligi o‘rganilgan edi. So‘rovning ikkinchi bosqichi 2 — 10-noyabr kunlari, ya’ni saylovoldi tayyorgarlik tadbirlari qizg‘in pallaga kirgan paytda o‘tkazildi. Umuman, so‘rovda 2200 nafar kishi qatnashdi. Ularning 50,9 foizi shahar, 49,1 foizi qishloq aholisidir. Respondentlarning 49,5 foizi erkaklar, 50,5 foizi ayollar.

Ijtimoiy tadqiqot mamlakat barcha hududida tasodifiy-ehtimoliy usulini qo‘llagan holda tashkil etildi. So‘rovda qatnashganlarning mutlaq katta qismi — 97,5 foizi 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda, albatta, ishtirok etishini ma’lum qilgan. So‘rovning birinchi bosqichida bu ko‘rsatkich 95 foizni tashkil etgan edi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish mamlakat aholisining bo‘lajak saylov haqida xabardorlik darajasi jadal oshib borayotganini ko‘rsatdi. Masalan, respondentlarning 87,3 foizi davlat rahbari Konstitutsiya va Prezident saylovi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali besh yil muddatga saylanishini bilishadi. So‘rovning birinchi bosqichida bu ko‘rsatkich 85,2 foizni tashkil qilgan edi.

Fuqarolarning mutlaq katta qismi uchun OAV ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi voqealar haqidagi axborotlarning asosiy manbai hisoblanadi. So‘rovda qatnashganlarning 69,9 foizi saylov kampaniyasini doimo, 28 foizi esa imkon boricha kuzatib bormoqda. So‘rovning birinchi bosqichida bu ko‘rsatkichlar tegishincha 68,1 va 22,3 foizni tashkil qilgan edi. So‘rovda ishtirok etganlarning salmoqli qismi televideniyeni saylov kampaniyasi haqida tezkor, batafsil va qulay vaqtda axborot berish manbai sifatida e’tirof qilgan.

Tadqiqotda prezidentlikka nomzodlarning shaxsiy fazilatlari bo‘yicha jamoatchilik fikri bilan ham qiziqildi. Ikki bosqichdagi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar qanday shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak, degan savolga so‘rovda ishtirok etgan fuqarolar yuksak zakovat, mustahkam iroda, halollik va tartiblilikni o‘zida jo etgan bo‘lishi kerak, deb javob berishgan.

Nomzodlarning ustuvor fazilatlari sifatida davlat darajasida fikrlay olishi, siyosiy rahbarlik tajribasi, yuksak malaka, boshqaruvning zamonaviy ko‘nikmalaridan xabardorligi, bilimli, demokratik tamoyillarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, aholining turli ijtimoiy qatlamlari orzu-umidlarini hamda manfaatlarini hisobga olish istagi va intilishi, faol fuqarolik nuqtai nazariga ega bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.