Sankt-Peterburgda (Rossiya) 17−26-noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi belgilangan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi V jahon chempionatining (AIBA Youth World Boxing Championships) oltinchi kuni o‘z yakuniga yetdi. Turnirda dunyoning 63 davlatidan 350 nafardan ziyod sportchilari ishtirok etishi e’lon qilingan bo‘lsa, ularning 80 nafari, jumladan besh nafar O‘zbekiston vakili chorak final bosqichiga yetib keldi.

56 kg gacha vazn toifasida 18 yoshli Shunqor Abdurasulov germaniyalik Andreas Jagerni uch raund natijalariga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda u Xitoy vakitli Szen Szyan Minga qarshi ringga ko‘tariladi.

O‘smirlar o‘rtasida amaldagi Osiyo chempioni Bilolbek Mirzarahimov (60 kg gacha) qozog‘istonlik Sanatali Toltayev ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng Armaniston vakili Narek Xovxannisyan bilan uchrashdi. Hakamlar 4:1 hisobida g‘oliblikni Mirzarahimov nomiga yozib qo‘yishdi. Yarim finalga chiqish uchun u Rossiya bokschisi Beslan Xamzayev bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, Osiyo chempionati bronza medali sohibi 18 yoshli Shoxruhbek Rustamov (75 kg gacha) Xitoy Taybey bokschisi Gan Syaveyni yengib, germaniyalik Vezir Agirman bilan choray finalda bahslashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

O‘smirlar o‘rtasida Osiyo vitse-chempioni Otabek Xolmatov (52 kg gacha) nikaragualik Joze Darvin Martines bilan uchrashib, mutalq g‘oliblikka erishdi va yarim finalga chiqish uchun Dominikan vakili Luis Reynald bilan jang olib boradi.

O‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati kumush medali sohibi Shohruz Rahimov (91 kg gacha) vengriyalik Richard Kochishni mag‘lubiyatga uchratib, angliyalik Lyuis Vilyams bilan uchrashadi.