Prezidentlikka O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Umarov 22-noyabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda jami 3200 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi, deya xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Narimon Umarov uchrashuv ishtirokchilariga o‘z Saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qildi. Xususan, nomzod “Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyiliga amal qilgan holda, aholining turmush darajasi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashning muhim sharti bo‘lgan, ko‘p yillik mustaqil taraqqiyotimiz davrida o‘zini oqlagan davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib, hayotga samarali tatbiq etish tajribasini davom ettirishga doir takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Prezidentlikka nomzod ilm-fan, texnika, tibbiyot sohalari tez sur’atlarda taraqqiy etib borayotgan bir paytda demografik muammolar, ekologik bo‘hronlar oqibatida yangi-yangi kasalliklar kelib chiqayotgani, bu esa aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini muntazam ravishda yaxshilab borishni taqozo etayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bu esa sohadagi ilmiy-amaliy izlanishlarning samaradorligini oshirish, tibbiyot xodimlarining malakasini yuksaltirishga qaratilgan masalalarga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligini talab qiladi.

Nomzod aholi keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash barobarida, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, qolaversa, mazkur sohada dori vositalarining noqonuniy aylanishi hamda sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish tarafdori ekanini bayon qildi.

Nomzod aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, xususan, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida keng qo‘llanib kelinayotgan eng ilg‘or tibbiy xizmat turlarini mamlakatda ham joriy qilish taklifini ilgari surdi.