Asakadagi GM Uzbekistan QK avtoyig‘uv zavodida MDH bozorlari uchun mo‘ljallangan Ravon R4 avtomobillarini seriyali ishlab chiqarish boshlandi.

Mazkur rusumdagi mashinalarning birinchi partiyasi Rossiyaga jo‘natildi, deya xabar qildi korxona matbuot xizmati. Yaqin vaqtlardagi rejada boshqa bozorlarga ham avtomobillarni jo‘natishni boshlash nazarda tutilgan.

Ravon R4 modeli (mahalliy bozorda — Chevrolet Cobalt) yangi eksterer dizaynga ega bo‘lib, 1,5 l B-DOHC dvigatel va yangi avlod avtomat tezlik uzatmalar qutisi bilan ta’minlangan.

Ravon R4 faol va passiv xavfsizlik tizimida haydovchi va old yo‘lovchi xavfsizlik yostiqchasi, mustahkamlangan orqa o‘rindiqlar va ISOFIX bolalar o‘rinliqlarini o‘rnatish tizimi, bloklanishga qarshi tormoz tizimi va kunduzgi old chiroqlar o‘rin olgan.