Samarqand viloyatining Urgut tumani, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri va Xorazm viloyatining Xozarasp tumanida «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Xozarasp» erkin iqtisodiy zonalari (EIZ) tashkil etiladi. Davlat rahbarining O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan shu haqdagi qarori loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun joylashtirildi.

Yangi tashkil etiladigan EIZlar mineral-xomashyo resurslari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, to‘rt viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish bo‘yicha qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan zonalarni shakllantirish muddati kelgusida uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etib, mazkur muddat davomida bu yerda alohida soliq va bojxona imtiyozlari amalda bo‘ladi. EIZ hududlarida logistika markazlari hamda bojxona postlari tashkil etiladi.

Meva-sabzavot hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, tekstil, gilamchilik, oyoq kiyimi va charm, ekologik xavfsiz kimyoviy, farmatsevtik, oziq-ovqat, elektronika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yangi ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda uchta erkin iqtisodiy zona — «Navoiy», «Jizzax» va «Angren» faoliyat ko‘rsatmoqda.