21-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Birlashgan Arab Amirliklarining favqulodda va muxtor elchisi Mohammed Hareb Almehairbi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida davlatlararo shartnomalar ratifikatsiya yorliqlari bilan almashinish to‘g‘risida bayonnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bayonnoma jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida shartnomani, ushlab berish to‘g‘risidagi shartnomani, mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi sharnomani o‘z ichiga oladi.

Mazkur shartnomalar ratifikatsiya yorliqlari bilan almashilgan sanadan 30 kun o‘tib, 2016-yil 21-dekabrda kuchga kiradi.