O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentligikka nomzod Narimon Umarov 21-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi. Shumanay tuman hokimiyati majlislar zalida onlayn konferensiya tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 3200 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi, xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Nariman Umarov uchrashuv ishtirokchilarini o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish, innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, kuchli ijtimoiy siyosat olib borish, xususan, aholini sifatli tibbiy xizmat, ta’lim va uy-joy bilan ta’minlash darajasini yanada kengaytirish, tinchliksevar tashqi siyosatni davom ettirishga doir takliflarini bayon qildi.

Prezidentlikka nomzod o‘zining qariyb 40 yillik mehnat faoliyati hamda ilmiy izlanishlari taqozosi bilan Orol dengizining qurishi oqibatida hududda yuzaga kelgan ekologik halokatni bartaraf etishga qaratilgan loyiha va dasturlarda bevosita ishtirok etgan, mintaqaning murakkab iqlimini, odamlarning yashash sharoitini yaxshi biladigan mutaxassis sifatida ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.

Nomzod ekologik muammolarni hal etishda uning iqtisodiy jihatlariga e’tibor qaratish muhim ekaniga to‘xtalib, barcha ekologik muammolarni va u bilan bog‘liq fuqarolar salomatligini himoya qilish masalalarini faqat Davlat byudjetiga yuklash to‘g‘ri bo‘lmasligini, shu bois, atrof-muhitni ifloslantiruvchi jarimaga tortilishi va ko‘p miqdorda mablag‘ to‘lashi lozim degan tamoyilni joriy qilish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Narimon Umarov ekologiya masalalari ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, bu sohani kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Dasturda, xususan, tabiatning sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi o‘simlik va daraxtlar soni va turini ko‘paytirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil maydonlar barpo etish, saksovul va butazorlarni kengaytirish orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilanishini ta’kidladi.