«O‘zbekfilm» kinostudiyasida rejissyor Zulfiqor Musoqovning yangi «Dadam betob» filmini montaj-ovozlashtirish ishlari yakunlanish arafasida. Kartina 9 oktyabr kuni 90 yoshida vafot etgan taniqli polyak rejissyori Anjey Vayda xotirasiga bag‘ishlanadi.

Kinotasmada «Xazonrezgi» filmi bilan tanilgan aktyorlar Baxtiyor Abdullayev, Feruza Saidova hamda kino va teatr yulduzi Farhod Abdullayev bosh rollarni o‘ynaydi. «Dadam betob» dastlab o‘zbek tilida namoyish etiladi, keyinroq esa rus tilida ham taqdim etiladi. Kartina davomiyligi 1 soatu 30 daqiqani tashkil etadi. Tasvirga olish ishlari asosan Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Film premerasi yaqin vaqtlar ichida bo‘lib o‘tadi.

«Filmning bosh g‘oyasi? Bu har kimning hayotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan oddiy tarix. Toshkent yaqinidagi qishloqda yashovchi Aziza to‘laqonli baxtli hayot kechirar edi. Insonning baxtli bo‘lishi uchun uch narsa kerak: tinchlik, yaqinlar sog‘lig‘i va muhabbat. Unda har uchalasi ham bor edi: to‘rt farzand, sevimli turmush o‘rtoq va uy», — dedi Zulfiqor Musoqov «Gazeta.uz"ga.

"Bularning barchasi sevimli eri insultga chalingan bir lahzada o‘zgarib ketdi. Davolanish qimmatligi sababli bosh qahramon erining mashinasida taksichilik qilib pul topishga qaror qiladi. Bir kun. Turli odamlar bilan uchrashuv va xayrlashishlar. So‘nggi yo‘lovchi bilan tanishuv oqibati og‘ir kechadi… Film triller va albatta — ko‘plab yumor elementlariga ega yo‘l kinoromani janrida tasvirga olingan", — qayd etdi rejissyor.