Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Uchrashuvda nomzod o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Unda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, sud-huquq tizimini isloh etish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash va jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, mahalliy byudjetlar daromadini ko‘paytirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy va maishiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

“Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini amalga oshirishni davom ettirish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish, mahalla tuzilmasining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini ta’minlash, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik tuyg‘usini kuchaytirish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratilgan.