39 ming nafardan ziyod ko‘zi ojiz O‘zbekiston fuqarolari 4-dekabr kuni Prezident saylovida ishtirok etadi. Ko‘rlar jamiyati vakillari shu kunlarda ular o‘rtasida relef-nuqtali Brayl alifbosi tushirilgan byulletenlardan foydalangan holda ovoz berish imkoniyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

“Ilgari ham ko‘zi ojizlar saylovlarda ishtirok etar edi. O‘zimdan qiyos: o‘g‘lim bilan uchastkaga borardim. Nomzodlar haqidagi ma’lumotni o‘qib berardi. Ma’qulini aytardim. Belgilab qo‘yardi. Endi o‘zimiz o‘qib, o‘zimiz belgilash imkoniga ega bo‘ldik”, — dedi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Abduqayum Abdunabiyev O‘zA bilan suhbatda.

“Bu yurtimizda mazkur siyosiy jarayon adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya qilish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarning amaldagi ifodasidir”, — qayd etdi u.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlanmoqda. Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha turli risolalar ham chop etilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, brayl alifbosi asosidagi saylov byulletenlari zarur miqdorda o‘zbek va rus tillarida nashr qilinmoqda. Bo‘rtma nuqtali shriftlardan iborat byulletenni tayyorlashda Toshkent qog‘oz fabrikasining matbaa ofset qog‘ozidan foydalanilmoqda va ko‘zi ojizlar bosmaxonasida chop etilmoqda.

Byulletenda O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilgan, uning o‘ng tomonida bo‘sh kvadratlarda chegaralari relefli-nuqtali bo‘rtmalar orqali joylashtirilgan.