Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 17-noyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deya xabar qildi O‘zA. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Adham Ikromov kutib oldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 18 noyabrga mo‘ljallangan. Turkiya Prezidenti O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston — Turkiya hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Turkiya rahbari sayti ma’lumotlariga ko‘ra. Unga bosh vazir o‘rinbosarlari Veysi Kaynak va Turg‘ul Turkesh, tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li, iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi hamda energetika va tabiiy resurslar vaziri Berat Albayrak hamrohlik qilmoqda.