18-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Toshkent viloyati rivojlangan sanoati, iqtisodiyotni ravnaq topishiga imkon beruvchi geografik o‘rni, ulkan ma’dan va xom ashyo zahirasi bilan respublikada alohida o‘ringa ega ekanini ta’kidladi nomzod. Viloyat mehnatkashlari o‘z fidoiyligi va bunyodkorlik salohiyati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga munosib hissa qo‘shib kelishayotganini e’tirof etib o‘tdi.

Nomzod saylovchilarni saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, tarixiy, madaniy, boy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va an’analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma’naviy yuksalishga erishish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilganini ta’kidladi.

Nomzod ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirishga erishish lozimligiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, xorijiy mahsulotlar o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash orqali milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlardan muhofaza etish zarur.

Shuningdek, Sarvar Otamuratov milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassis-kadrlarga bog‘liq ekanligini hisobga olgan holda, zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish taklifini ilgari surdi.