O‘zbekiston Turkiyaga o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qaraydi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori. O‘zA xabariga ko‘ra, bu haqda O‘zbekiston Prezidenti v. b. Shavkat Mirziyoyev juma kuni Samarqandda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.

U Turkiya rahbariga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘llagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning Samarqandga tashrifi ham aynan Islom Karimov dafn etilgan Hazrati Hizr majmuasiga tashrifdan boshlandi.

Uchrashuvdan tashrif Turkiyada O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi. O‘zbek va turk xalqlari ko‘p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan.

Shavkat Mirziyoyev (o‘ngda) va Rejep Erdo‘g‘on.

Rejep Erdo‘g‘on Turkiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta’kidladi.

Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O‘zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi.

Muzokarada O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida fikr almashildi.

Rejep Erdo‘g‘on Imom Buxoriy majmuasida juma namozini ado etdi.

Turkiya O‘zbekistonning an’anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir. 2015 yilda o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu boradagi o‘sish sur’atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha majmualar barpo etishga, to‘qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo‘shma korxonalar yaratishga, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Turkiya Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Samarqanddagi Registon maydonida.

Turkiyaning yetakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish masalalari muhokama qilindi.

Transport kommunikatsiyalariga ham alohida e’tibor qaratildi. “Boku — Axalkalaki — Qars” temir yo‘lining ishga tushirilishi ikki mamlakatni bir-biri bilan bog‘laydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport yo‘lagini yaratishdek strategik ahamiyatga ega masalani hal etishda, binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.

Muhokama qilingan masalalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston va Turkiyaning o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsadlariga erishish uchun kelasi yil boshida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazishga, uning doirasida O‘zbekiston — Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Erdo‘g‘on ushbu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirdilar.

Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on Samarqanddagi an’anaviy yo‘l bilan qog‘oz tayyorlash ustaxonasiga tashrif buyurdi.

Kunning ikkinchi yarmida Rejep Erdo‘g‘on va u boshchiligidagi Turkiya hukumati vakillari Imom Buxoriy, Imom Motrudiy majmualari va Amir Temur maqbarasiga tashrif buyurib, Registon maydonini ko‘zdan kechirdi.