Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) missiyasining mamlakatdagi Prezidend sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish uchun uzoq muddatli kuzatuvchilari O‘zbekistonga keldi. Bu haqda saylovni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar qildi.

Juma kuni Markaziy saylov komissiyasida MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Yevgeniy Sloboda boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov mehmonlarni O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasining borishi bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Missiya shtabi faoliyat ko‘rsatishi va kuzatuvni tashkil etish bilan bog‘liq zarur tadbirlarni o‘tkazishi ta’kidlandi. Saylov jarayoni qanday borayotgani to‘g‘risida materiallar to‘plash va ularni tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, tele va radiokanallardagi axborot dasturlari va ko‘rsatuvlarni, shuningdek, bosma ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish, nomzodlarning saylovoldi shtablarida uchrashuvlar o‘tkazish Missiya shtabining asosiy vazifalari hisoblanadi.