O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 16-noyabr kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Narimon Umarov Samarqand nafaqat o‘zining buyuk o‘tmishi va boqiy yodgorliklari, balki bugungi salohiyati va madaniyati, avvalambor, mehnatkash, mehmondo‘st, oriyatli xalqi bilan dunyoga dong taratganligini e’tirof etdi. Bugungi kunda viloyatda sanoatning avtomobilsozlikdan tortib tekstil va qayta ishlashgacha bo‘lgan keng turlari rivoj topgan.

Nomzod saylovchilarni saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Narimon Umarov kelgusida energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish, mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag‘batlantirish masalalariga e’tibor qaratishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Narimon Umarov jamiyat rivojida xotin-qizlarning ishtiroki masalasiga alohida to‘xtalib, mamlakatda ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish va siyosiy huquqlarini oshirishga e’tibor qaratib kelinayotganini qayd etdi. Xotin-qizlarning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, mehnat bozorida ularga imtiyozlar berish, davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalari va bo‘g‘inlariga jalb qilish taklif qilindi.