16-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, nomzod uchrashuv ishtirokchilari e’tiborini ijtimoiy sohadagi vazifalarga qaratdi.

Sarvar Otamuratov bugun jahonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab o‘tdi. Sayyorada aholi soni jadal ko‘payib borayotgan bir vaqtda, ayrim davlatlarda bu borada o‘ta tanqislik kuzatilayotgani ijtimoiy va siyosiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga qaraganda, bugun dunyoda har sakkiz odamdan biri to‘yib ovqatlanish imkoniyatiga ega emas.

Qolaversa, bugungi kunda atrof-muhit ifloslanishi hamon davom etmoqda. Iqlim o‘zgarishlarining salbiy mislsiz oqibatlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Qurg‘oqchilik, suv resurslari taqchilligi, turli kimyoviy moddalarni tinimsiz ishlatish natijasida yerlarning tabiiy holati yo‘qolayotgani kuzatilmoqda.

Shundan kelib chiqib, nomzod o‘z dasturida aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, mamlakatda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va bunda genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanishni cheklash kabi ustuvor vazifalarni belgilagan.

Uchrashuvda nomzod dasturning boshqa sohalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Dasturda xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan moddiy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish, oila, meros, uy-joy da’vosi va maishiy turmush manbaida tug‘iladigan nizolarni sudgacha hal etish tizimini rivojlantirish, tarixiy shaharlar va ochiq osmon ostidagi muzeylarni qayta ta’mirlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirish, milliy axborot xavfsizligini ta’minlash kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.