Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 oyida Qashqadaryo viloyatida yalpi hududiy mahsulot hajmi 10 trillion 630 milliard so‘mdan ziyodni, o‘sish sur’ati 6,5 foizni tashkil etganini ta’kidlab o‘tdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62,3 foizga yetdi. Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalarning 11,2 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dasturda mamlakatda rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqni muhofaza qilishda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, bu borada fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan samarali hamkorlik mexanizmlarini keng qo‘llash aksini topgan.

Shuningdek, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish, iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish, investitsiyaviy faollikni kuchaytirishga doir strategik maqsadlar o‘z ifodasini topgan.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, avvalo, qishloq aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh etish, xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.