O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov 16-noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi O‘zA.

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov saylovoldi dasturi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining parlamentdagi ko‘pchilik — Demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e’lon qilgani, bu muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalariga asoslanadi.

Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish, korxonalar tasnifiga “o‘rta korxona” tushunchasini kiritish, ya’ni yirik, o‘rta va kichik korxonalar mezonlarini belgilash, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan.

Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, buning uchun muntazam o‘tkaziladigan ish o‘rinlari yarmarkalarini yanada kengaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilab olishga ham alohida e’tibor qaratilgan.