Ayni paytda AQSHda 530 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda, deyiladi Open Doors (“Ochiq eshiklar”) Xalqaro ta’lim institutining 2016-yilgi hisobotida.

Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbekistonlik talabalarning 50 foizi birinchi navbatda bakalavr darajasida tahsil oladi. Joriy o‘quv yilidagi 35 foiz talabalar magistraturada o‘qiydi. 10 foizi o‘zlari tanlagan amaliy treninglarda qatnashsa, 5 foizi fakultativ darajaga ega bo‘lmagan ingliz tili yoki qisqa muddatli ta’limni egallashmoqda.

Hisobotga ko‘ra, AQSH kollejlari va universitetlaridagi xorijiy talabalarning jami soni o‘tgan yilgiga qaraganda 7 foizga ortib, ilk bor rekord darajadagi 1,044 million nafarga yetdi va umumiy talabalarning 5 foizini tashkil etdi.

AQSH tahsil uchun butun dunyodan jami bo‘lib 4,5 milliondan ziyod yoshlarni qabul qiladi. Xitoy AQSHdagi xorijlik talabalar mansub bo‘lgan eng yetakchi mamlakat sifatidagi o‘rnini saqlab qoldi. Ular soni joriy yilda 8 foizga ortib, jami 328,5 ming nafarga yetdi. Hindistonlik talabalar soni esa 25 foizga ko‘payib, 165,9 ming nafarni tashkil etdi. AQSH oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar umumiy miqdorida Xitoy va Hindiston ulushi 47 foizga yetgan.