O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 17-noyabr kuni Prezident sayloviga qator xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazining xabar qilishicha, majlisda Mustaqil Davlat Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti missiyalari kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasi faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari va YeXHT DIIHB kuzatuvchilari ishtirok etgan majlisda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Barcha hududlarda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimini yanada oshirish va ularning komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

20−30-noyabr kunlari saylov uchastkalarini ovoz berishga tayyorlash, saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, shuningdek, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminarlarni o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.