O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov 15-noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Uchrashuvda Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil to‘xtalib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir g‘oya va takliflarini bildirdi. Nomzod bugungi kunda hududiy dasturlarning samarali ijro etilishida asosiy mas’uliyat mahalliy boshqaruv organlari zimmasiga tushayotgani, ammo joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning barchasini hal qilishda hokimlarning vakolatlari yetarli emasligini qayd etdi.

Nomzod ayni masalaning maqbul yechimi sifatida mahalliy boshqaruv organlari faoliyati samaradorligi va mas’uliyatini oshirish maqsadida hokimlarning vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va ozod etish, ularni javobgarlikka tortish, hududning kadrlar siyosatiga doir vakolatlarini kengaytirish taklifini ilgari surdi.

Narimon Umarov mahalliy davlat hokimiyati idoralari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini chuqur xatlovdan o‘tkazish, hududiy davlat hokimiyati organlari zimmasiga muayyan vazifa, vakolat va topshiriq yuklatilgan hollarda normativ-huquqiy hujjatlarda ularni amalga oshirish, nazorat qilish va hisobotini eshitish bilan bog‘liq aniq mexanizmlarni aks ettirish, qolaversa, barcha hududiy davlat hokimiyati organlari rahbarligiga tavsiya etilayotgan nomzodlarni hokimlar bilan kelishish lozimligini ta’kidladi.

Jizzax viloyatida yirik innovatsion loyihalarga asoslangan ko‘plab korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga e’tibor qaratgan Narimon Umarov O‘zbekiston kelajagi aynan innovatsion iqtisodiyotda, deb bilishini ya’ni, butun dunyoda fan va texnologiyalar jadallik bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda faqat yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotgina davlat qudratini oshirib, xalq farovonligi va jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini qayd etdi.

Nomzod maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilish, unda innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, innovatsiya va innovatsion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta’sis etish, Innovatsiya jamg‘armasini tuzish kabi ustuvor vazifalarni belgilash asosiy maqsadlaridan ekaninini ta’kidladi.