O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 15-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

Dasturda belgilangan maqsad-vazifalar haqida so‘zlar ekan, Sarvar Otamuratov ularning respublikada iqtisodiy salohiyati bilan ajralib turuvchi Qashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ham juda muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Bugungi kunda mamlakatda qazib olinayotgan gazning 64 foizi, neftning 67, gaz kondensatining 87,4 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyatdagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho‘'ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi zamonaviy sanoat korxonalari, “Hisorneftgaz”, “Ko‘kdumaloqgaz”, “Sho‘rtangazmahsulot” singari yirik qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sarvar Otamuratov viloyatdagi yirik sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish masalalari muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi. Dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, O‘zbekistonni boshqa davlatlar, mintaqalar bilan bog‘laydigan transport kommunikatsiyalari barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Nomzod yengil va ixcham to‘qimachilik korxonalarining sonini ko‘paytirish, ularga mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati shaffofligini ta’minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish lozimligini qayd etdi.

Sarvar Otamuratov milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassis-kadrlarga bog‘liq ekanligini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalardagi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanligini bildirdi.